Yong‘oqjon
Yayra Sa'dullayeva
Muallif
Bor ekanda, yo‘q ekan, qishloqning eng chekkasida o‘sgan niholga odamlar “Yong‘oqjon” deb ism qo‘yishgan ekan. Yong‘oqjon kun sayin o‘sib, marjon-marjon tugunchalar tugibdi. Uni ko‘rgan bolalar darrov qir uchigacha tirmashib chiqa boshlashibdi. Ularning hammasini birdaniga ko‘tarolmaganidan, Yong‘oqjonning tanasi zirqirab ketibdi.
— Tusha qolinglar, yana yiqilib ketmanglar, — desa, bolalar quloq solishmapti. Bitta sho‘xrog‘i shox uchidagi ko‘k tugunchani olaman degan ekan, oyog‘i toyib ketibdi-yu... Hayriyat, boshqa shoxga ilinib qolibdi.
Yong‘oqjonning zorlanishiga qaramay, ular tugunchalardan uzib tushishibdi.
— Bir maza qilib yeylik, — deyishibdi.
— Hali yeyolmaysizlar, achchiqman.
— He-hey, bizni aldayolmaysan, o‘rikni pishmasdan yeb maza qilganmiz.
— U boshqa-yu, men boshqa. Pishay, jiqqa moy bo‘lay, — desa ham bolalar Yong‘oqjonning gapini quloqqa olishmapti. Tugunchalarni og‘izlariga solishibdi. Solishibdi-yu, achchiqligidan dodlab yuborishibdi. Bolalar undan norozi bo‘lib, uylariga qaytishibdi.
Yoz bo‘yi Yong‘oqjon quyoshdan nur simirib, mag‘zi yog‘ga to‘lib yetilibdi. Ammo bolalar kelishavermabdi. Kutib charchagan Yong‘oqjon oxiri ukajonisi Soqqani ularning oldiga yuboribdi.
— Biz Fotima-Zuhra, Hasan-Husan, aka-uka Yong‘oqjonlar g‘arq pishib, sizlarni kutib turibmiz, — debdi Soqqa.
Bolalar shosha-pisha ularni terib, cho‘ntaklarini, qo‘ni-qo‘njilarini to‘ldirishibdi va uy-uylariga jo‘nashibdi.
Bir bolaning buvisi ulardan tatib ko‘rishi bilan kuchga kiribdi. Yong‘oq moyi unga tabib dorisidan ham ortiq davo bo‘libdi. Yana birining esa birdan aqliga aql qo‘shilib, ko‘paytirish jadvalini birpasda yodlabdi. Keyin buvijonisi bolalarni boshlab, Yong‘oqjonning oldiga boribdi.
— Umringdan baraka top, Yong‘oqjon! Sen kuchsizlarga kuch berasan. Ming yil umr ko‘r, — deb duo qilibdi.
Yong‘oqjon shundan buyon uzoq-uzoq yillar yasharkan.