Yaxshi o‘qisang, fazoga uchasan
Muallif
AU — Solijon SHARIPOV. Fazogir bolaligini shunday xotirlaydi:
— Uchuvchi boʻlaman degan orzu toʻrt-besh yoshimda paydo boʻlgan. Tengdoshlarim bilan togʻ-u toshda oʻynab yurgan paytim samolyot pastlab uchib oʻtgan edi. Samolyotni boshqarib ketayotgan uchuvchilarni aniq koʻrganman oʻshanda. Halloslagancha uyga chopib kelganman. Onamga samolyot va uchuvchilarni koʻrganimni hovliqib aytib berganman. Onam: “Sen ham yaxshi oʻqisang, ularga oʻxshab osmonga uchasan”, degandilar...
Oddiy oʻzbek oilasida tugʻilib oʻsdim. Dadam qirq hunar egasi, qaysi ish oʻng kelsa, oʻshani qilib ketavergan. Yana kitobsevar edi, turli-tuman ilmiy jurnallarga obuna boʻlardi. Men dunyoni oʻsha jurnallar orqali tanidim. Mutolaa qishloqning chang koʻchalarida yalangoyoq chopib yurgan bolakay uchun yangi, tilsimlarga boy olamni ochdi. Ish koʻpligidan koʻproq kechalari oʻqishga toʻgʻri kelardi. Dadam koyib bermagunicha, koʻzimni ishqalab kitob-jurnal titkilab oʻtiraverardim.
Uchuvchi Vladimir JONIBEKOVga havas qilganman. Ular bilan oʻquv yurtida tanishdim. Shunda Vladimir Jonibekov menga: “Uchmoqchimisan?” deb savol berdi. “Albatta!” dedim qatʼiyat bilan. “Atrofingdagi doʻstlaring bilan teng boʻlsang, hech qachon ucholmaysan. Agar uchishdan umiding boʻlsa, ulardan bir bosh baland boʻl!” dedi. Qisqa uchrashuv menga qattiq taʼsir qildi.
1997-yili AQSHning “Endeavour” shattli uchishi kerak, amerikalik astronavtlar ekipajiga Rossiyadan ham vakil olinadigan boʻldi. Nomzod ingliz tilini mukammal bilishi shart. Oʻshanda inglizchani bilishim rosa asqotdi. Oʻnga yaqin nomzod orasidan meni tasdiqlashdi. Shu tariqa mening ochiq samoga parvozim boshlandi.
Aziz bolajonlar, siz ham fazogir boʻlishni istasangiz, bunga astoydil kirishing. Solijon Sharipov soʻzlari bilan aytganda, yulduzni koʻzlasangiz, albatta oyga yetasiz!