Xurshidning xatosi
Ulug‘bek Mustafo
Muallif
— Bobo, qayerga ketayapsiz? — darvoza yonida o‘ynab yurgan Xurshid yo‘lga otlanayotgan bobosi Shokir otaga yuzlanib so‘radi.
— Biroz tobim yo‘q, o‘g‘lim. Guzardagi dorixonaga borib kelay.
— Men ham siz bilan boraman.
— Uzoq qolmayman. Tez qaytaman.
— Yo‘q, olib borasiz, olib borasiz... Men ham boraman, — dedi Xurshid bobosiga yig‘lamsirab, xarxasha qila boshladi.
Nabirasining tixirligini ko‘rgan bobo:
— Mayli, yuraqol, — deya rozi bo‘ldi.
Chol va nabira birgalashib guzarga yo‘l olishdi. Xurshid yo‘l-yo‘lakay g‘izillab o‘tib turgan mashinalar-u turli savdo rastalarini tomosha qilib, zavqlanib borardi. Bir payt o‘yinchoqlar do‘koni oldidan o‘tayotib, peshtaxtadagi mo‘jazgina mashinachaga ko‘zi tushdi. U bobosiga yana xarxasha qila boshladi:
— Bobooo, bobojooon! Shu mashinani menga olib bering. Olib bera qoling... Yo‘q, olib berasiz! Olib bering! — Xurshid ovozini biroz balandlatdi.
— Bolajonim, pulim kam. Nafaqam chiqsa, albatta olib beraman.
Xurshidning qaysarligi tutib, o‘z so‘zida turib oldi. Bobosi og‘rinsa-da, ilojsiz nabirasiga o‘sha o‘yinchoq mashinani olib berdi. Dorixonaga bormasdan ortga qaytdi.
— Bobo, nega doriga bormayapmiz? — deb so‘radi Xurshid.
— Doriga ertaga boramiz, bolam, — javob berdi Shokir ota xo‘rsinib.
Kechasi Shokir otaning tobi qochdi. Qon bosimi oshdi. Tez yordam mashinasi bobosini tunda kasalxonaga olib ketar ekan, Xurshid:
— Bobojon, bobojon... — deya ortidan yig‘lay boshladi.
Shu tobda uning xayoliga: “Bobom menga o‘yinchoq olib bermay, dori olganlarida bu ahvolga tushmasdilar”, degan o‘y keldi. O‘z ishidan afsuslandi. Dadasi Nurmat aka ertalab kasalxonadan qaytib, bobosining ahvoli biroz yaxshilanganini aytdi. Xurshidning ko‘zlari katta ochildi.
— Xayriyat! — dedi.
Atrofdagilar unga qaradi. Xurshid qo‘rqib ketdi. Lekin hech kim uning nimani o‘ylaganini payqamadi.