XASIS NONVOY VA QARIYA
ABDULAZIZ ASSAYSI
Muallif
(Ertak)
Qadim zamonda bir nonvoy bo‘lgan edi. Shahardagi eng mazali nonlar uning tandirida pishirilar ekan. U har kuni bolalari yig‘ib kelgan o‘tinlardan non yoparkan. Kunlarning birida do‘konda har doimgidan ham xaridorlar ko‘payib ketibdi. Bundan quvongan Nonvoy qattiq hayajonga tushibdi. Savdo qizigan mahal do‘konga bir qariya kirib kelibdi. Nonvoy uni yirtilgan, chang bosgan kiyimlariga nazar solib baqiribdi: “Mehnat qilayotgan bolalarga atalgan ozgina nondan bo‘lak boshqa non qolmadi. Sendan foyda yo‘q”. Qariya bu muomaladan qattiq xafa bo‘lib do‘konni tark etibdi. Ertasi kuni bolalar o‘tin olib kelishmabdi. Shunda Nonvoyning jahli chiqib so‘rabdi: “O‘tinlar qani?” Bolalar hamma katta daraxtlar kesib bo‘linganini, yosh novdalar yoqishga yaramasligini aytishibdi. Nonvoy nima qilarini bilmay, o‘ylanib qolibdi. Chunki o‘tinsiz non pishirib bo‘lmasdi-da! Mijozlar do‘konni tark eta boshlabdi. Shu payt tanish qariya ko‘rinibdi. Nonvoyga yaqin kelib, yelkasiga qo‘lini qo‘yib debdi: “Ey, Nonvoy! Yur men bilan birga”. Ular birgalikda shahar tashqarisidagi daraxtlari qurigan vodiyga yetib borishibdi. Nonvoy buni ko‘rib juda xursand bo‘libdi. Bolalar quruq daraxtlarni kesa boshlashibdi. Nonvoy quvonchdan shoshib qolibdi. Qariya Nonvoyga yaqin kelib: “Ey Nonvoy, shuni bilgin-ki, seni bu yerga ojiz qariya yetaklab keldi. Bunga seni yosh bolalaring qodir emas. Tandirga o‘t yoqsang, uni xas-cho‘p emas, qari, qurigan daraxt qizdiradi”. Nonvoy qariyaga qilgan muomalasini eslab, uyatdan qizarib ketdi. Kechirim so‘radi. Hayotda har bir insonning o‘z o‘rni bor ekanligini yana bir bor angladi. Qarilik – keksa daraxt kabi qimmatli. “Qari bilganni pari bilmas”, deb bejizga aytilmas ekan.
Arab tilidan Abdurahmon Gapparov tarjimasi