UCH JO‘JA BILAN O‘RDAKCHA
13-mart, 2026 10
S. ABDUQAXXOR
Muallif
Biri-biridan yaxshi,
Uch jo‘ja opa-singil.
Havasing kelar ko‘rsang,
Patlari momiq, yengil.
Bir kun ular sayr qilib
Soy bo‘yiga yetishdi.
Naryoqqa o‘tmoq bo‘lib
Ko‘prik izlab ketishdi.
Ko‘prikni topa olmay,
Uch jo‘ja xafa, hayron,
Qanday o‘tsak bo‘ladi,
O‘ylab qoldi uchovlon.
Shu choq ular oldiga
Kelib qoldi o‘rdakcha,
O‘zi kichik sap-sariq,
Jo‘jalardan bo‘lakcha.
- Qani, yuring men bilan,
Suvdan o‘tamiz! - dedi.
Jo‘jalar chiyillashib
— Cho‘kib ketamiz! — dedi.
— Suvda suzish hunarim,
Deb, u suv yoqasiga -
Keldi-da, oq jo‘jani
Mindirdi orqasiga.
O‘rdak xuddi qayiqday,
Suzib ketdi qirg‘oqdan.
Qolgan jo‘jalar esa,
Qarab turdi yiroqdan.
Hammasini o‘tkazdi,
Endi do‘st bo‘lib yashar,
Uch jo‘ja-yu bir o‘rdak,
Hech urishmay o‘ynashar.