SUVIMIZ TOZA BO‘LSIN
Shahrizoda O‘razimbetova
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani 15-maktab o‘quvchisi
Muallif
Murodbek ariq bo‘yida o‘tirib, tabiatdan ilhomlanib rasm chizar edi. Shu payt suvda turli chiqindilar oqib kela boshladi.
— Bular qayerdan kelayapti? — deya Murodbek atrofga qaradi.
Uzoqdan sinfdoshi Aziz kelayotganini ko‘rdi. Qo‘lida axlat chelak bor edi. Shunda do‘sti chiqindilarni suvga oqizganini bildi. Bundan jahli chiqqan Murodbek do‘stiga yuzlanib:
— Bu nima qilganing? — dedi.
— Ha, nima qilibman? — dedi Aziz qo‘lidagi chelakni ortiga yashirib.
— Suvga tashlangan chiqindilar bora-bora o‘z uyingga oqib kelishini bilmaysanmi? Undan onalarimiz kirlarini yuvadi. Bobolarimiz egatlarga suv quyadi. Ukalarimiz cho‘miladi-ku, — dedi.
Murodbekning so‘zlaridan do‘sti Aziz uyaldi. Oyog‘i bilan tuproq chizdi. So‘ng asta:
— Tushundim, meni kechir, — dedi.