SHAYX QO‘YGAN ISM
Azamat XUDOYBERGAN
Muallif
Bozor kuni. Tarag‘ay bahodir farzandini bag‘riga bosgancha otda piri shayx Amir Kulol huzuriga yo‘l oldi. Maqsadi aniq – bolasiga ism qo‘yish. O‘zining ko‘ngliga tugib qo‘ygan bir qancha tanlovlari bor. Ammo baribir bu borada ixtiyorni piriga topshirishni afzal biladi. Sabablardan biri ota-bobolar udumiga ko‘ra kishi to‘ng‘ich farzandiga o‘zining ota yoki onasi, yoki otaliqqa olmish kimidir ism tanlab berishi lozim. Keyingi tug‘ilgan farzandlariga esa o‘zi mustaqil ravishda ism qo‘ysa bo‘ladi. Amir Kulol uning ma’nan otalig‘i edi. Piri ularni doimgiday iliq kutib oldi. Xursandchilik vajidan barcha tolibi ilmlarga sovg‘alar ulashilib, ertaroqdan darsdan javob berib yuborildi. Ustoz va ixlosli shogird o‘rtasida mazmunli suhbatlar kechdi.
– Xo‘b xayrli ish bo‘libdi, bek. Olloh umri, rizqi bilan bergan bo‘lsin.
– Omin, omin! Avvalambor O‘zi, qolaversa siz xojamning duolari samarasi bilan.
– Hamisha duodamiz.Shayx go‘dakni avaylab ko‘tararkan, ohista yuzlaridan o‘pdi. Suhbat ancha vaqt davom etdi.
Tarag‘ay nihoyat muddaoga fursat yetganini fahmlab:
– Endi bu o‘g‘ilga o‘zingiz nom tanlab bersangiz, ustoz, – dedi.
Shayx asta javon yoniga bordi-da, u yerda turgan muqaddas mus’hafni "Bismillo" degancha qo‘liga oldi. Duch kelgan joyidan bir varaq ochdi. So‘ngra ovoz chiqarib ushbu oyati karimani o‘qidi: "Amantum man fi-s-sama an yuxifa bikuma-larda fa iza xiy tamuru".
Oyatdagi oxirgi "tamuru" so‘ziga urg‘u berarkan:
– Uning ismini Temur deb qo‘ygaymiz, – dedi.
– Temur! – dedi ota faxr bilan.
– Sizga ma’qulmi, bek?
– Ma’qul, xojam. Go‘dakning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga takbir aytildi. Sunnatga ko‘ra tanglayi ohista ko‘tarib qo‘yildi.
– Iloho omin! Ismiga munosib farzand bo‘lsin. Umri, rizqi bilan bergan bo‘lsin. Omin!
Duoga ochilgan qo‘llar yuzlarga tortildi. Baxtiyor ota pirining huzuridan minnatdor holatda qo‘rg‘oniga qaytdi. Shodiyona endi shu yerda davom etadigan bo‘ldi.