Quyoshni izlab
Slovak xalq ertagi
Muallif
Kunlarning birida osmonni qora bulut qoplabdi. Quyosh chiqmabdi. Jo‘jalar:
— Quyosh qayerga g‘oyib bo‘ldi? — deya hayron bo‘lishibdi. Uni izlab topishga qaror qilishibdi.
Ona tovuq bolalarini yo‘lga hozirlabdi. Jo‘jalar o‘zlari bilan don to‘la xaltacha va suvdon olishibdi. Qarashsa, karam ortida chig‘anoqli Shilliqqurt ketayotgan ekan. Undan so‘rashibdi:
— Hoy, Shilliqqurt, Quyoshning qayerda yashashini bilasanmi?
— Bilmayman. Huv qurigan shoxda Hakka o‘tiribdi, balki u bilar.
Hakka jo‘jalar oldiga uchib kelibdi. Ulardan qayerga ketishayotganini so‘rabdi.
— Quyosh uch kundan buyon osmonda yo‘q. Berkinib olgan. Uni qidirib ketyapmiz, — deb chug‘urlashibdi jo‘jalar.
— Sizlar bilan boraman. Chegara ortida yashaydigan qo‘shnim Quyondan so‘raymiz, — debdi Hakka.
Quyon qalpog‘ini to‘g‘rilab, mo‘ylabini silab, darvozani lang ochibdi. Ularga salom beribdi.
— Quyonvoy, mabodo Quyoshni ko‘rmadingmi?
— Ko‘rmadim. Balki O‘rdak bilar.
Quyon ularni jilg‘a bo‘yidagi O‘rdakning uyiga olib boribdi. Uy yonida bog‘langan qayiqcha turardi.
— Hoy, qo‘shni, uydamisan? — qichqiribdi Quyon.
— Shu yerdaman, kelinglar, — tomog‘ini qiribdi O‘rdak. — Haliyam patlarim qurimadi, uch kundan beri quyosh yo‘q.
— Biz ham uni izlayapmiz.
— Jilg‘aning narigi tomonida qayin ostida Tipratikan yashaydi, — debdi O‘rdak.
Jonivorlar qayiqchada suzib, qora qayin ostida mudrab o‘tirgan Tipratikan oldiga kelishibdi.
— Tipratikaan! — barchasi jo‘r bo‘lib uni chaqirishibdi. — Quyoshvoy qayerda yashashini bilasanmi? Uch kundan beri osmonda ko‘rinmayapti. Betob bo‘lib qolmaganmikin?
Tipratikan birmuncha o‘ylanib debdi:
— Qanday bilmaslik mumkin? Bilaman. Qora qayin ortida baland tog‘ bor. Tog‘ tepasida ulkan bulut. Bulut ustida kumush rang Oy, undan keyin qo‘lingni uzatsang, Quyoshga yetasan.
Barcha do‘stlar Quyosh topilganidan xursand bo‘lib, uylariga tarqalishibdi.