Qo‘zichoq
Sobir Yunusov
Muallif
Obod qishlog'ining kun botish tomonidan kichkina soy oqadi. Soyning narigi beti yaylov.
Bahor vaqtida bu yerlar rango-rang gulzor to'kilgan ko'm-ko'k gilamga o'xshab ketadi. Bolalar bu gilam ustida umbaloq oshib o'ynashadi. Sigirlar mazali o'tdan boshini uzmaydi. Buzoqlar sho'xlik qilishadi, dingillab u yoqdan-bu yoqqa yugurishadi.
Hov uzoqda qo'ylar podasi qorayib ko'rinadi. Uni Nurimjonning bobosi Roziq ota boqadi. U mashhur cho'pon, ordenlari ham bor.
Soyning bu betidagi katta tup yong'oq daraxti tagida Nurimjon yolg'iz o'tiribdi. Yaproqlar orasidan tushayotgan quyosh nuri tebranib, daraxt tagidagi zangori o'tlarda jilvalanadi.
Sal narida oriq, qo'ng'ir qo'zichoq uzala tushib yotibdi. U nuqul harsillaydi. Mana u damini olib, endi o'tga bo'ynini cho'zgan edi, Nurimjon qulog'idan ushlab tortdi.
— Yedirib bo'pman. Suzishga o'rganmaguningcha ovqat bermayman, — dedi u. Keyin ketma-ket kalla urishtira boshladi. Qo'zichoq zorlanib ma'radi.
Uzoqda Nurimjonning singlisi Muattar ko'rindi. Qo'lida sut to'la shisha bor.
— Qayoqqa olib ketding, sutini ichirmasdan, och qoladi-yu, — dedi u kuyib-pishib.
— Obor o'sha yoqqa! — qichqirdi Nurimjon. — Hozir shishangni sindirib tashlayman. — U singlisining qo'lidan shishani tortib olmoqchi bo'ldi.
— Buva! — deb baqirdi Muattar.
Qo'zichoq Muattarning qo'lidagi sutga talpindi, shoshib-pishib so'rg'ichni emdi.
O'qish tugab kanikul boshlandi. Qirda sarg'aygan o'tlar, unda-munda so'nggi lola-qizg'aldoq ko'rinadi. Qo'zichoq ham ancha katta bo'lib qoldi. Mana, bugun Nurimjon qo'zichoqni yana soyga olib tushdi-da, kalla urishtirishni boshladi. Avval qo'zichoq ermaklashgandek sekin-sekin kalla qildi. Keyin ketiga tisarilib turib bir suzgan edi, Nurimjon gandiraklab borib, chalqancha tushdi. Boshi aylanib ko'zi tinganidan anchagacha o'rnidan turolmadi, keyin soy bo'yida o'tlayotgan qo'ziga qarab jilmaydi. "Endi bolalarni suzdirsam bo'ladi", deb o'yladi u.