Qora bug‘doy
Hans Kristian Andersen
Muallif
Chaqmoq chaqqandan keyin dalaga chiqsangiz, ko‘pincha bug‘doyni qop-qora qilib kuydirib qo‘yganini ko‘rasiz. Xuddi olov ustidan o‘rmalaganga o‘xshaydi. Bunday payt dehqonlar: “Buni yashin kuydirgan!” deyishadi.
Nega deysiz-mi? Bu haqda chumchuq menga hikoya qilib berdi. Unga ham bu hikoyani tanasi g‘adir-budur, ulkan, yoshi anchaga borgan qari tol aytib bergan ekan.
Tol atrofidagi yerlarga javdar, arpa hamda suli ekilarkan. Suli juda ajoyib bo‘lib, pishganda har shoxga mayda sariq qushlarni tizib qo‘yganga o‘xsharkan. Bug‘doylar serhosil. Boshog‘i qancha bo‘liq bo‘lsa, itoatkorlik bilan boshlarini yerga shunchalik pastroq egisharkan.
Shu yerda, qari tol yaqinida qora bug‘doy ekilgan dala ham bor ekan. Qora bug‘doy boshqa don ekinlari singari boshini quyi solmabdi. Qaddini tik ko‘tarib mag‘rur tutibdi.
— Don boshoqlaridan kamlik joyim yo‘q! — debdi u. Buning ustiga chiroyliman. Hoy qari tol, mendan ham go‘zalroq ekinni ko‘rganmisan?
Lekin qari tol: “Albatta ko‘rganman!” deganday faqat boshini chayqab qo‘yar ekan. Qora bug‘doy esa tolning gapiga quloq solmas ekan.
To‘satdan havo qattiq aynibdi. Dala gullari gulbarglarni yumib, boshlarini quyi solishibdi. Faqat qora bug‘doygina avvalgiday savlat to‘kib turaveribdi.
— Boshingni eg, — deyishibdi gullar.
— Hojati yo‘q! — deb javob qaytaribdi qora bug‘doy.
— Bizga o‘xshab boshingni eg! — deb shivirlabdi boshoqlar.
— Gulbarglaringni yig‘ib, boshingni eg! — debdi unga keksa tol ham.
Shu paytda qattiq chaqmoq chaqibdi. Dunyoga o‘t ketganday bo‘libdi.
Havo ochilgandan keyin yomg‘ir suvi yuvgan gullar va donlar zo‘r xursandchilik bilan yana yumshoq, musaffo havodan to‘yib-to‘yib nafas olishibdi. Qora bug‘doyni esa yashin kuydirib yuboribdi.