QAYIQCHA
Vladimir SUTEYEV
Muallif
QAYIQCHA
(Ertak)
Kunlarning birida jajji Qurbaqa, Jo‘ja, Sichqon, Chumoli, Qo‘ng‘iz sayrga chiqishbdi. Yurib-yurib daryo bo‘yiga kelishbdi.
– Kelinglar, cho‘milamiz! – debdi Qurbaqa va suvga sakrabdi.
– Biz suzishni bilmaymiz, – deyishbdi do‘stlari.
– Ha-ha-ha! “Vaq-vaq!” Sizlar nimaga ham yaraysiz o‘zi?! – deb mazax qilibdi Qurbaqa. Qattiq kulganidan sal qolsa og‘ziga suv kirib, bo‘g‘ilib qolay debdi.
Jonivorlar Qurbaqadan xafa bo‘lishibdi. O‘ylay-o‘ylay, bir fikrga kelishbdi.
Jo‘jacha bir dona barg, Sichqoncha yong‘oq po‘stlog‘i keltiribdi. Chumoli somon cho‘plarini tashibdi. Qo‘ng‘izcha esa arqon topibdi.
Ish boshlanibdi. Do‘stlar somonni yong‘oq po‘stlog‘iga o‘rnatishbdi. Yaproqni arqoncha bilan bog‘lashibdi. Qarashsaki, mo‘jazgina qayiqcha yasashibdi. Uni suvga tushirib, suzib ketishbdi.
Qurbaqa yana kulmoqchi bo‘lib, boshini suvdan chiqaribdi. Qarasa, qayiqcha allaqachon uzoqlab ketgan edi...
Bolalar, ertakni o‘qib, qanday xulosa chiqardingiz? Qurbaqaning do‘stlari nega undan xafa bo‘lishdi?
Rus tilidan Ma'rifat Tolipova tarjimasi