Qaldirg‘och
Abdulla Saidov
Muallif
Tong o‘tdi. Quyosh tog‘lar ortidan bo‘y ko‘rsata boshladi. Shu tobda peshayvonli uyimiz atrofida qaldirg‘ochlarning besaranjom chirqillashi eshitildi. Ular navbatma-navbat ayvon ustuniga qo‘nar, dam qanotlarini pirillatib, havoda muallaq turib qolardi. Qushlarni nima bezovta qildiykin? Balki “Mosh” laqabli mushugimiz qaldirg‘ochlar payiga tushgandir, deb o‘yladim. Lekin mushuk hovli o‘rtasida joylashgan supada o‘zini toblab yotardi.
Ko‘p o‘tmay ayvondagi uyalarning biriga chipor ilonning o‘rmalab kelayotganini ko‘rdim. Qushlarning tinchini buzgan shu ekan. Qo‘sh qaldirg‘och jonini xatarga qo‘yib, dushmanga yaqinlashganicha uni pastga tushirib yuborishga urinardi. Ilon og‘zini ochganicha suvog‘i ko‘chgan devorga yopishib olgandi. Polaponlarini himoya qilish va jon saqlash uchun olishayotgan qushlar talonchining uya tomon yaqinlashishiga to‘sqinlik qilardi. Meni payqagan ilon darhol devor yorig‘iga kirishga urindi. Uni ayri tayoq yordamida tutib oldim. So‘ng uni shudgorga asta uloqtirib yubordim. Bosqinchi o‘t-o‘lan oralab juftakni rostladi. Qo‘sh qaldirg‘ochlar peshayvon toqiga qo‘nib, o‘zicha chug‘urlab qo‘ydi. Ehtimol bu ularning minnatdorligidir.