ONA O‘TLOQ
Usmon AZIM, O‘zbekiston xalq shoiri
Muallif
ONA O‘TLOQ
Tomoshaga chiqsang, agar
Dala-dashtga,
Albatta, sen gul terasan
Dasta-dasta.
Men uzmayman bir gulni ham
Zinhor, o‘rtoq.
Axir, xafa bo‘ladi-ku,
Ona o‘tloq.
QO‘RIQCHI
– Nega yugurding kuchuk?
– Kapalak o‘tdi uchib.
– Uchsa nima ishing bor?
– Senga do‘stman, vafodor,
Qo‘riqchingman – tinmayman,
Bir zum hordiq bilmayman
–Kapalak, balki xatar,
Senga bermasin zarar...
– Barakalla! Asling sher!
– Endi ovqatimni ber...
UYDAGI BOG‘
– Tashqarida qorong‘ilik,
Qo‘rqmasmi bog‘?
– Daraxti ko‘p,
Sen xavotir
Olma, toychoq.
– Ona, nega bog‘ ichida
Ola-tasir?
– Bolam, yomg‘ir yog‘moqdadir,
Qattiq yomg‘ir.
– Nimadir u dahshat bilan
Vizillagan?
– Bolam, qattiq shamol turdi
Izillagan.
– Ona!.. Ona!..
– Qo‘rqma, bolam,
Qo‘rqma, toychoq.
– Ona, bog‘ni uyga olib
Kiring tezroq!
HO‘V, BOLA!
Ho‘v, bola!
Ho‘v, bola!
Tog‘lardagi bu lola,
Havolarga tarab bo‘y,
Tebranar qanday xushro‘y!
Ho‘v, bola!
Ho‘v, bola!
Uza ko‘rma...
Bu – lola!
So‘lib qoladi, axir!
Lolaning ham joni bor
–O‘lib qoladi, axir...
Usmon AZIM,
O‘zbekiston xalq shoiri