Nigora
P. MUXAMMADYOROVA
Muallif
Nigora fartug‘ini kiydi, keyin stol yoniga ikki kursini sudrab kelib, bittasining ustiga kattagina tovoqni qo‘yib qo‘ydida, unga suv quydi. Keyin uzi bir kursiga chiqib, tovoqni stolga oldi. Oyisidek yengini shimarib, stoldagi idish- tovoqlarni yuva boshladi.
Oyisi ertalab ishga kech qolaman deb, shoshilib idishlarni yig‘ishtira olmagan edi-da. Uch-to‘rt kun bo‘ldi — buvisi kasal.
Ertalab uni bog‘chaga oyisi olib bordi. Kechqurun bo‘lsa, Valining oyisi olib keldi. Buvisining kasalligi juda-juda yomon buldi-da. Kasal bo‘lib nima qilar ekanlar-a?
Nigora idishlarni sindirib qo‘ymay deb qo‘rqib, ehtiyot qilib yuvdi. Yuviqsiz idish-tovoq anchagina ekan, qarang, butun stol to‘lib ketdi. Keyin u sochiqni olib, idishlarni arta boshladi. Shunda piyola birdan qo‘lidan taq etib tushib ketdi. Nigora qo‘rqqanidan: „Voy!" deb ko‘zini chirt yumib oldi. „Sindirib qo‘ydim!" dedi o‘z-o‘ziga. Keyin ko‘zini sal ochib qaradi, qarasa, piyola stolda yonboshlab yetibdi. Qo‘lini uzatib piyolani olgani botinmay turdi. Keyin olib ko‘rsa, butun ekan.
Sevinchidan yuragi dikillab ketdi: „Yaxshiyam sinmabdi".
Nigora sevinganidan idishlarni, yana xam yaxshilab arta boshladi. Artib bo‘lib, ustma-ust taxlab qo‘ydi. Sochiqni olib, endi ularning ustiga yopayotgan edi, eshikdan oyisi kirib keldi. Ikki qo‘lida ikkita sumka, yukining og‘irligidanmi, shoshilganidanmi terlab ketibdi. Kursida tippa-tik turgan qizini ko‘rib, uning jaxli chiqqandek bo‘ldi.
— Nima qilib turibsan?— hayron bo‘lib so‘radi u qizidan.
Nigora indamay, hadeb qo‘lini fartug‘iga artib: „So‘ramasdan qilganimga urisharmikinlar-a," deb o‘ylab turdi.
Oyisi stol oldiga kelib, sochiqni ko‘tardi. Top-toza yuvib qo‘yilgan idish-tovoqlarni ko‘rib, yuzi yorishib ketdi.
— Buving turdilarmi? — dedi u.
Shunda Nigora:
— Men yuvib qo‘ydim, oyi! — dedi sevinib. Oyisi yana ham xursand bo‘lib ketdi.
Voy oppoq qizim-ey, oyinga qarashibsan-da, — dedi, qizining yuzidan o‘pdi- da, kursidan yerga tushirib qo‘ydi. Keyin shoshib-pishib ovqatga unnab ketdi.
Avval akasi maktabdan qaytdi. Keyin uyga dadasi kirib keldi. U kiyimini yechib, endi qo‘lini yuvgan edi, oyisi bir lagan oshni stolga keltirib qo‘ydi.
Kelinglar, ovqat sovub qoladi. Nechuk bugun ovqat kechagidan barvaqt pishibdi? - so‘radi dadasi.
— Ishdan kelsam, qizingiz idish-tovoqlarni yuvib qo‘yibdi, tez ovqatga urinib ketdim, — dedi jilmayib oyisi.
— Barakalla ona qizim, qani-qani, bir achom qilay, — deb dadasi qizini quchoqlab peshonasidan o‘pdi-da, stol yonidagi kursiga o‘tqazib qo‘ydi.
Hamma ovqatga o‘tirdi. Belini ushlab, inkillab-sinkillab, narigi uydan buvisi xam chiqdi.
— Bugun osh mazalik bo‘lib-di, — dedi dadasi, oshni maza qilib yer ekan.
Nigora oshdan ozgina yeb ko‘rgan edi, rostdan xam juda-juda shirin ekan.
Hamma xursand bo‘lganidan keyin ovqat ham shirin boladi-da!