MENING MAHALLAM - DUNYONING ENG GO‘ZAL MASKANI
D.Shomalikova
Muallif
Mahalla – kichik qo‘rg‘on. Mehr-oqibat ulg‘aygan beshik. Unda hamma bir-biriga qarindoshdek aziz. Mahallaning farzandlari esa aka-uka, opa-singillardek qadrdon. Keksalar izzatda, yoshlar xizmatda-yu e’tiborda bo‘lgan dargoh bu. Qadriyatlar qadr topgan maskan – mahalla. U tarbiya o‘chog‘i. Bunda "bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona" degan naql yashaydi ming yildan buyon. Bir so‘z bilan aytganda, hammamiz uchun beqiyos ahamiyat kasb etgan – birlashganlar o‘zgan – aziz go‘sha. Mahalladan boshlangan har ishning zamirida ezgulik ko‘z ochadi. Yo‘llar maqsadlar sari eltadi.2026-yil – "Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili" deb e’lon qilindi. Qanday yaxshi xushxabar! Quvonchimiz cheksiz bo‘ldi. Mahallaning birinchi qadami dunyoga yo‘l ochadi. Unda samimiyat, to‘g‘rilik, halollik qon-qonimizga qorishib ketgan. Amalga oshiriladigan ishlar – katta ko‘prik! Undan ertangi kunimiz poydevoriga zamin hozirlanadi. O‘zbekistonning yangi qiyofasi – yurtimizning qudratini oshiradi. Prezidentimizning har bir fikri zamirida katta rejalar mujassam. O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sun’iy yo‘ldosh va birinchi o‘zbek kosmonavti fazoga uchirilishini hayajon bilan eshitdik."Har bir sohaning ilmi bor. Ilmga asoslanmagan sohaning kelajagi yo‘q", deydi yurtboshimiz. Kelajakda o‘sha parvozlarni sizlar ham boshqarishingiz turgan gap!"Yangi O‘zbekiston poytaxtdan emas, quyidan – mahalladan boshlanadi". Demak, viloyatlarimizning chekka-chekka olis go‘shalarida ham zamonaviy sharoitlar yaratiladi. Shuningdek, tabiatga oshnolik kuchayadi. Hovli ariqlarida to‘lib suv oqishining tiklanishi obodonchiligimizning ta’minlanishidir. Mahalla tizimining yangilanishida bog‘cha, maktab, tibbiyot, uy-joy masalalariga ham alohida to‘xtaldi. Kutubxonalarning tashkil etilishi esa ayni muddao. O‘sha kutubxonalarning bir chekkasidan sizning sevimli nashrlaringiz – "GULXAN", "G‘UNCHA", "TONG YULDUZI", "KLASS" ham joy olsa qanday yaxshi bo‘lardi.Yaxshi ish boshlasak, safarga chiqsak qariyalarimiz qo‘llarini duoga ochadi. Yaxshi niyat qiladi. Har kishisidan, har gul-u giyohigacha qadrdon mahalla ana shunday mo‘jizaviy maskan. Uni obod qilishga hissa qo‘shish barchamizning burchimizdir. Mahallamiz – dunyoning eng go‘zal maskanidir!