Mehr ko‘rgan mushukcha
Ruqayya Asliddin qizi
Toshkent shahri 200-maktab 2-sinf o‘quvchisi
Muallif
Rustamjon maktabdan qaytayotib, yo‘l chetida mushukchani ko‘rib qoldi. Mittivoy sovuqdan dir-dir qaltirardi. Unga juda rahmi keldi. So‘ng jonivorni uyiga olib ketdi.
Bolakay har kuni maktabga ketishida mushukchani ovqatlantirar, qaytganidan keyin ham uni parvarishlardi. U bilan birga o‘ynaydigan bo‘ldi.
Bir kuni Rustamjon uyida mushukchasini izlab topa olmadi. Onasidan:
— Mushukchamni ko‘rmadingizmi? — deb so‘radi.
— Uylarni to‘zitib tashlagani uchun ko‘chaga chiqarib yubordim, — dedi onasi.
Rustamjon buni eshitib, rosa xafa bo‘ldi. O‘g‘lining holatini ko‘rgan oyisi uni ovuta boshladi:
— Xafa bo‘lma, bolam. Ko‘p qavatli uyda mushuk boqish qiyin. Mushukchangdan tez-tez xabardor bo‘lib turasan.
Rustamjon mushukchasini o‘ylab qayg‘urdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, uni do‘sti Ravshan parvarish qilayotganini bildi. Buni eshitgan Rustamjon juda quvondi. Chunki Ravshan yaxshi bola. Demak, mushukcha ham ishonchli qo‘llarda.