MEHR BAYRAMI
Muallif
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonlarda bir o‘rmon bo‘lgan ekan. Kuz faslida o‘rmon daraxtlari sarg‘aygan, osmonda esa turnalar saf tortib uchib, uzoq yo‘lga chog‘langan ekan. O‘rmonning eng baland daraxtida Boyqush yashar ekan. U har tongda uzoqdan uchayotgan turnalarni kuzatibdi.Boyqush qanotlarini yozib, o‘rmon ahliga so‘z ochibdi:– Aziz do‘stlarim! Bu yil kuz o‘zgacha keldi. Uni birgalikda kutib olaylik! O‘rmonimizda kuz bayramini o‘tkazaylik! – debdi.Bundan jonivorlar quvonishibdi.– Men bayram uchun o‘tlardan gilam yasayman, – deya Quyon birinchi bo‘lib ishga kirishibdi.Kirpilar aravachalarini olib, olma terish uchun yo‘lga tushibdi. Mevalarni aravaga joylab, ehtiyotkorlik bilan harakat qilishdi. Har bir olma – kuzning lazzatli sovg‘asi bo‘libdi.Sichqoncha esa qo‘liga yaproqlar yig‘ib bayram davrasini bezashni o‘z zimmasiga olibdi:– Har bir yaproq oltinday. Ular bayramni yanada chiroyli qiladi!Chaqqon Olmaxon daraxtdan daraxtga sakrab, yong‘oqlarni yig‘ib, do‘stlariga ulashibdi.Soy bo‘yida yashovchi qushlar suv ustida parvoz qilib, "Kuz qo‘shig‘i"ni kuylay boshlashibdi. Ularning ovozi tog‘lar orasida jaranglab, havoga taralibdi. Janub sari uchishgan turnalarning ovozi o‘rmonni to‘ldiribdi. Jonivorlar kulishib yayrashibti, qushlar parvoz qilibdi.Boyqush bobo bularning barchasini kuzatib, quvonchdan debdi:– Qaranglar, barchangiz bir-biringizga yordam berayapsiz. Bu – chin do‘stlikning belgisi. Sizlar bugun nafaqat bayram qildingiz, balki tabiatni, bir-biringizni qadrlashni o‘rgandingiz.Jonivorlar quvonchdan qarsak chalibdi. Daryo esa ularning quvonchini takrorlagandek shovullabdi.Shu kundan boshlab o‘rmon ahli har yili kuz bayramini o‘tkazadigan bo‘lishibdi. Axir tabiatni sevish, bir-biriga mehr ko‘rsatish – eng yaxshi bayram-da.
Boburbek KOMILJONOV,
Urganch tumani
26-maktab o‘quvchisi