Maqtanchoq
KARIM RAXIM
Muallif
Ortiq bilan Nazar tortishib qolishdi.
— Men hech narsadan qo‘rqmayman, - deb kerildi Ortiq. — Agar xohlasam, mana shu ariqqa ham tushib yura olaman. Shunday deb Ortiq suvi tingan ariqqa tushdi-da, loyni chalaplatib uyoqdan-buyoqqa yura boshladi.
— Tush, sen xam, - dedi u o‘rtog‘iga.
— Tushardim-ku, hammayog‘im loy bo‘ladi, — dedi Nazar.
— Voy, qo‘rqog‘-ey, —masxara qildi Ortiq.
Shu payt ko‘chaning boshidan bolalar tarafga qarab, shoxlari buralib ketgan bir echki kela boshladi.
Uning egasi qari bir chol echkisini ushlay olmay, orqasidan hassasini sudraganicha, lapanglab chopib kelardi. Buni ko‘rgan Ortiq juda qo‘rqib ketdi. U dodlaganicha orqasiga qarab qochdi. Lekin Nazar qochmadi. U darrov yerda yotgan novdani oldi-da, echkining yo‘lini to‘sib, orqaga qaytara boshladi. Echki qayoqqa qochishini bilmay to‘xtab qoldi. Bu payt chol yetib kelib echkini ushlab oldi. Chol sevinganidan Nazarning yelkasiga qoqib:
— Umringdan baraka top, o‘g‘lim. Otangga raxmat, qo‘rqmas bola ekansan, - dedi.
Chol echkiga yaqinlashishdan qo‘rqib, qaltirab turgan Ortiqqa ko‘zini qisib, kulib qo‘ydi.