Kompost rejasi
Muzaffarbek Qayumov
Muallif
Kech kuzda sinfdosh do‘stim Imronlarnikiga bordim. Daraxtlarning oltinrang barglari to‘kilayotgan payt edi. Imron yaproqlarni hovli o‘rtasiga to‘plab turgan ekan.
— Bu barglarni nima qilmoqchisan? — deb so‘radim.
— Ancha xazon yig‘ildi, tashqariga tashigandan ko‘ra, yoqib yuborganim yaxshi, — dedi Imron bamaylixotir.
— Yo‘q, unday qilma! Hammayoq tutunga to‘lib, ko‘z achishadi. Tabiatga zarar yetadi-ku, — dedim men.
— Unda nima qilamiz, mahalla chetidagi axlat qutisiga tashib boramizmi? — ikkilanib so‘radi Imron.
— Yo‘q, bundan ham oson va foydali usuli bor, — dedim.
— Qanday? — qiziqib so‘radi Imron.
— Qishloqdagi bobomning katta chorbog‘i bor. U kishi har yili kech kuzda yig‘ilgan xazonlarni chorbog‘ o‘rtasiga to‘playdi. Keyin chuqurga ko‘mib qo‘yadilar. Kel, biz ham shunday qilamiz. Bu xazonlarni chuqurga ko‘mib, ustiga biroz suv quyib qo‘ysak, bahorgacha foydali o‘g‘itga aylanadi. “Sehrli qalpoqcha”dagi agronom Hoshimjon bilmagan “kompost” shu bo‘ladida, — dedim men kulib.
Ikki do‘st kelishib, navbatma-navbat chuqur qazib, rejamizni amalga oshirdik. Kelasi yilga o‘g‘it tayyor bo‘ldi.