Komiljonning xatosi
Ma'rifat Tolipova
Muallif
Qishki ta’til. Havo sovuq. Izg‘irin bolalarni ko‘chaga yo‘latay demaydi. Issiq ko‘rpasiga o‘ranib olgan Komiljon erinibgina derazadan qaradi. Bu safar mahallada hech kim ko‘rinmaydi.
“Aziz, Samandar ham maza qilib uxlashayotgandir. Kunlar ilisa, yana o‘ynaymiz”, deya o‘yladi o‘zicha. Issiq o‘rniga sho‘ng‘imoqchi bo‘ldi-yu, onasining qat’iy topshirig‘i yodiga tushdi. Chiqindini ko‘cha boshidagi qutiga eltish kerak. Shu tobda o‘zini ko‘chada tasavvur qilarkan, sovuq yegandek bo‘ldi. Afsuski, yumushni bajarishi shart. Komiljon shoshilmay kiyimlarini kiyib, uyum chiqindilarni olgancha tashqariga chiqdi. Sovuq payt poylagandek yuzlariga, qo‘llariga, quloqlariga chang soldi. Sovuqdan bolakayning ko‘zlari yoshlandi. “Vuyyy!” — deya boshini palto yoqasiga suqdi. Ko‘cha boshi hali uzoooqdek ko‘rindi. Shu tob yarq etib ko‘nglidan bir fikr o‘tdi...
Vazifasini oson “bajarib” kelgan Komiljon yana ko‘rpasiga burkandi. Ishini “qoyillatganidan” sevindi. So‘ng biroz mizg‘idi. Bexosdan bobosining tanbeh ohangdagi ovozi uni uyg‘otib yubordi. Shoshib derazadan tashqariga mo‘raladi. Ne ko‘z bilan ko‘rsaki, boyagi chiqindilar darvozasi tagida sochilib yotardi. “Qanday qilib bu yerda paydo bo‘lib qoldi?! Axir men uni Karimlarning...” dedi-yu, jim bo‘ldi. Atrofga qo‘rqib qarab qo‘ydi. Har doim adolatsizlikka qarshi bo‘lgan Komiljon bu safar hech nima demadi. Deyolmadi.
Faqatgina bobosi:
— Komiljon, ostonadagi chiqindilarni darhol yig‘ishtirib ol! — deganda astagina “Xo‘p bo‘ladi”, deya oldi xolos.