KITOBXON KAPALAK
Halima AHMEDOVA
Muallif
Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan. Xushmanzara bir bog‘ning chekkasidagi chiroyli uyda yalqov Kapalak onasi va dadasi bilan yashar ekan. Yoshi-ga yetgach, onasi maktabga olib boribdi. Boshida o‘rtoqlari tillaqo‘ng‘iz, xonqizi, nina-chi, bolarilarni ko‘rib rosa xursand bo‘libdi. Ammo darsda o‘tirgisi kelmay, har kuni uyga qochib keladigan bo‘libdi. Oxir-oqibat, maktabga bormay qo‘yibdi. Har kuni uyda televizor ko‘rib o‘tirar ekan. Onasi qancha zorlanmasin, dadasi qancha yolvormasin maktabga bormabdi. Kunlardan bir kuni televizor ko‘rish ham joniga tegib, derazadan tashqarini kuzatib o‘tirsa, do‘stlari – bolari, tillaqo‘ng‘iz, ninachi chuvillashib qayergadir ketishayotganini ko‘rib qolibdi va ulardan shosha-pisha so‘rabdi:
– Qayerga ketyapsizlar? O‘rtoqlari jo‘r bo‘lib:
– Qo‘ng‘iroqqul ustozning kutubxonasiga yangi ertak kitoblar kelibdi.
O‘sha kitoblarni olishga boryapmiz, – deb javob berishibdi.
Kapalakning ularga havasi kelib:
– Meni ham olib boringlar, – debdi.
Xonqizi "qah-qah" otib kulib, unga ta’na qilibdi:
– Axir sen o‘qish tugul, harflarni tanimaysan-ku.
Yalqov Kapalakning jahli chiqibdi, xo‘rligi kelibdi va rosa yig‘labdi. O‘ylab-o‘ylab ertadan maktabga chiqishga qaror qilibdi. Axir, ertak kitoblarni kim ham yomon ko‘ra-di deysiz. Ertalab maktabga jo‘nabdi. Ota-onasi qizidagi o‘zgarishdan juda xursand bo‘lishibdi. Kapalak o‘qishga astoydil kirishibdi va tez kunda ravon o‘qiydigan bo‘libdi.
Qo‘ng‘iroqgul ustozning kutubxonasiga har kuni qatnab, bir-biridan qiziq ertak kitoblar-ni o‘qibdi. Buni qarangki, qancha ko‘p kitob o‘qigani sari maktabda ham a’lochi bo‘lib boraveribdi. O‘rtoqlari ham uni hurmat qila boshlashibdi. Oxiri, Qo‘ng‘iroqgul ustozning kutubxonasida u o‘qiydigan kitobning o‘zi qolmabdi. Chunki hamma kitoblarni o‘qib tugatgan ekan-da.
Xafa bo‘lib kutubxonadan qaytayotsa yo‘lda Quyoshbobo:
– Ha, Kapalak qizim nega xafa ko‘rinasan? – deb so‘rabdi.
Kapalak esa:
– Hamma ertak kitoblarni o‘qib bo‘ldim. Yana kitob o‘qigim kelyapti, ammo kitob yo‘q, –debdi.
Quyoshbobo xursand bo‘lib:
– Barakalla qizim, kitob o‘qiganning omadi kuladi. Sen hafa bo‘lma, Rayhongul, Karnaygul, Marvaridgul, Chinnigullar eng zo‘r ertak yozuvchilar-ku. Ularning kitoblarini ham o‘qib ko‘r,– debdi.
O‘sha kundan boshlab kitobsevar Kapalak gullarning ertaklarini o‘qiy boshlabdi va hanusgacha tugata olmas ekan.