Jasoratli quyon
Saidislom Mahmudov
Muallif
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qalin o‘rmonda quyonlar oilasida jajji quyonvoy yashar ekan. Tengdoshlari uni qo‘rqoq quyon deb chaqirishar ekan. Chunki u hurkak, ishonuvchan, beg‘ubor ekan. Bir kuni barcha quyonlar to‘planib, suhbatlashib o‘tirishardi. Nariroqda bir ilon qush polaponlarini yeyish uchun daraxtga tirmashib chiqayotgan ekan. Quyonlarning biri uni ko‘rib qolib: “Vooooy, ilon hozir polaponlarni yeb qo‘yadi”, deb dod solibdi. Ikkinchi quyon, nimadir qilish kerak, deya o‘rmonga qarab yugurib ketibdi. Hamma “qo‘rqoq” deydigan quyon esa daraxt tomon yuguribdi. Polaponlarni himoya qilish uchun bir sakrab ilonga tashlanibdi. Ikki oyog‘i bilan shunday tepibdiki, ilonning boshi gangib yerga yiqilibdi. Sudrala-sudrala juftakni rostlabdi. Barcha hayratdan qotib qolibdi. Ona qush quyonvoydan minnatdor bo‘libdi. Endi uni do‘stlari qo‘rqoq quyon emas, jasur quyon deb atashibdi.