Ikki eshak
T. Xolmuhamedov tarjimasi
Muallif
Bir kishining ikkita eshagi bor ekan. Ular yuk tortgisi kelmasa yoki suvdan kechib o‘tishni istamasa, oyoqlarini tirab olib, hangray boshlar ekanlar. Shunda eshakning biri:
— Ia-a! — deb baqirsa, ikkinchisi, — Io-o! — deb hangrar ekan. Shunday qilib ularning biri o‘ziga Ia, ikkinchisi Io deb nom qo‘yib olgan ekan.
Issiq dim kunlarning birida, Ia bilan Io tuproqlari misdek qizigan yo‘lda yuk olib borayotib, juda chanqashibdi, qorinlari ham ochibdi. Uyga yetish bilan og‘ilga kirib, to‘yguncha xushbo‘y pichan yeyishni, chanqoqlari qonguncha suv ichishni orzu qilishibdi.
Nihoyat, uyga yaqinlashibdi. Muyulishda tanish devor ko‘rinibdi. Ular tezroq yo‘rg‘alab qolishibdi. Jadal qadam tashlab, Ia bilan Io darvozaga kirishibdi.
Ochko‘zlik qilib, Ia hamma suvni ichib yuboribdi. Io bo‘lsa, hamma pichanni yeb qo‘yibdi. Xullasi Ia ham, Io ham o‘z maqsadiga yetolmabdi. Chunki biri avvalgidek och, ikkinchisi esa suvsiz qolibdi.
Qizg‘anchilikning natijasi shunday bo‘libdi.