Ikki do‘st sayohati
Dilfuza Azimova
Muallif
Qishning so‘nggi kunlarida Tuz tarnovda osilib turgan Muzni ko‘rib qolibdi.
— Ko‘chada sovqotmayapsanmi? — taajjublanibdi Tuz.
— Sovuq mening jon-u dilim, — javob beribdi Muz.
Tuzning Muzga havasi kelib:
— Senga maza-da, atrofni tepalikdan turib tomosha qilasan, — debdi.
— Unda kel, ikkimiz ko‘chani sayr qilamiz, — debdi Muz.
Do‘stining taklifidan xursand bo‘lgan Tuz oynadan oshib, yerga sakrab tushibdi. Tarnovdagi Muz ham bir silkinib, qor uyumining ustiga tushibdi.
Ikki do‘st yo‘lda ketayotib, endi o‘sayotgan maysalar ustidan shox-shabbalarni olib tashlabdi. Maysalar jilmayib, Tuz va Muzga minnatdorchilik bildiribdi. Sayohatchi do‘stlar o‘rmonga yetib boribdi. U yerda ona chumolini uchratib, muzlab qolgan eshigini ochishga ko‘maklashibdi. Yer ostidagi hasharotlarga ham yordam qo‘lini cho‘zibdi. Tomoq og‘rig‘idan aziyat chekayotgan quyonga tuz malham bo‘libdi. Muzlagan ko‘lmakdan baliqlarni qutqarib, nihoyat Tuz va Muz qir-adirlarga yetib boribdi.
Yaylovda suruv boqib yurgan cholni uchratibdi. Kampiri ovqatga tuz yo‘qligidan nolib turgan ekan. Darhol Tuz taomga maza kiritib, chol-u kampirni xursand etibdi. Toshlar ostidagi chuchmoma-yu, binafshalarni tomchilaridan bahramand qilibdi.
Ikki do‘st tepalikdan go‘zal tabiatni kuzatibdi. Shunda ular charchaganini his etib, biroz dam olibdi. Mayin esib turgan shamol kuchayib, bulutlarni hayday boshlabdi. Bulutlar ortida yashirinib turgan quyosh ona zaminni nurga to‘ldiribdi.
Quyoshni ko‘rgan Muz manzili tomon shoshibdi. Tez yurgani sari yo‘lda eriy boshlabdi. Yuguribdi. Undan sachragan tomchilar tabiatni yashnatibdi. Bahor yaqinlashganini his etgan Muz do‘sti Tuz bilan xayrlashibdi-yu, daryoga sho‘ng‘ib ketibdi. Tuz ham o‘z manziliga qaytibdi.
Do‘stlarning sayr-u sayohati mazmunli o‘tibdi. Jamiki jonzotlar ikki do‘stga minnatdorchilik bildirib, Tuzsiz osh, Muzsiz qish bo‘lmasligini anglab yetibdilar.