Hamshira robot ixtirochi
Ma'rifat Tolipova
Muallif
HAMSHIRA ROBOTI IXTIROCHISI
Azimjon Normurodov Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida tug‘ilgan. U 14 yoshda. Robototexnikaga qiziqishi katta. Nishon tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabining “Avtomodel” to‘garagida turli modellarni mustaqil yasay boshladi. Dastavval Azimjonning ishlanmalari oddiy edi, keyinchalik esa ular takomillashib, murakkablashib bordi.
Bugungi kungacha u oltmishdan ortiq katta-kichik ixtirolar muallifi hisoblanadi. Jumladan, sharbat siqqich, masofadan boshqariladigan kema va mashinalar, aqlli shamol haydagich hamda zamonaviy uy avtoturargoh tizimini yaratgan.
Yosh ixtirochi Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan “Robotlar jangi” festivalida 3-o‘rinni egalladi. Shuningdek, “InnoWeek–2022” innovatsion g‘oyalar ko‘rgazmasida “Eng yosh loyihachi” unvoni bilan taqdirlangan.
“TATU Barkamol avlod bilan” deb nomlangan musobaqa Azimjon Normurodov uchun ayniqsa omadli keldi. U o‘zining “Hamshira roboti” loyihasi bilan birinchi o‘rinni egallab, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Bugungi kunda u TARGET INTERNATIONAL SCHOOL’da grant asosida o‘qishni davom ettirmoqda. Hozirda esa kichkintoylar uchun aqlli mashina ustida ish olib bormoqda.