G‘urra
Yayra Sa'dullayeva
Muallif
O‘zi zo‘r buvijonim bor-da. Hammani yo‘lga solgan, hammaga nimanidir o‘rgatgan. Faqat fente akam bo‘lsa... U mendan ikki yoshgina katta. Nega atigi ikki yosh katta bo‘lsayam sizlaysan, deysizmi? Buniyam buvijonim o‘rgatgan. O‘zidan kattani hurmat qilish kerak, degan. Demoqchi bo‘lganim.... Shu... keyingi vaqtda akam sal quloqsiz bo‘lib qoldi-da. O‘n-o‘n besh kundan beri o‘zgarib qoldi. Bir haftada o‘n beshta "besh" olgani-yu, ustoz maqtaganlariga taltayib ketdi. Rosti, uydayam sal boshqacha yuradigan bo‘lib qoldi. Maktabdan kelgach, sumkasini joyiga qo‘yishi ham boshqacha. Boshinimi-ey, qaddinimi-ey sal tikroq qilib, ko‘kraklarini kerib qadam tashlagan. Xullas, sal g‘alatiroq-da. Buvijonim sezgir emasmi, buni darrov ilg‘ab oldi.
— Hoy, sen bola, ko‘zingga qarab yur.
Yayra Sa’dullayeva
Avvaliga, ko‘zini o‘zi ko‘rmasa, qanaqa qilib qaraydi, deb o‘ylay boshladim. Keyin bilsam, ko‘zingga qarab yur, degani sal hushyorroq bo‘l, o‘zingni judayam qo‘yib yuborma, degani ekan. Akam xo‘p, dedi-yu, baribir bilganidan qolmadi. Kekkayibroq yuraverdi. Keyin... Kutilmaganda shunday qoqildi-ki, uchib ketib, o‘rik daraxtiga borib urildi. Peshonasi birpasda g‘urra bo‘lib chiqdi. Buvijonim keksa bo‘lsa ham baribir chaqqon-da. Darrov dastro‘molini ho‘llab bosdi.
— Hoy, Abror, javonning tortmasida tanga bor, kattarog‘idan olib chiqqin.
Yugurib kirib olib chiqdim. Buvijonim g‘urra bo‘lgan joyiga bosib turdi. So‘ng ayvondagi ko‘rpacha ustiga yotqizib qo‘ydi.
— Ha, bolasi tushmagur-a...
Bu ularning eng qattiq koyishlari.
Endi bu yog‘iga o‘zingiz xulosa chiqarib olavering. Nega akam teptekis hovlimizda qoqildi-yu, nega peshonasini g‘urra qildi?...