"G‘uncha" o‘qir jo‘jalar
21-may, 2026 28
Azamat Xudoybergan
Muallif
Oktyabr oxirladi,
Kunlar sovuq.
Uychasida ota Xo‘roz,
Ona Tovuq.
Jo‘jachalar qilar hamma
Uy ishlarni.
Supur-sidir, hattoki,
Choy quyishlarni.
So‘ngra bari o‘tirishar
Dondan cho‘qib.
Eng sevimli mashg‘uloti —
“G‘uncha” o‘qib.
Bolajonlar, polaponlar
Qilmas sho‘xlik.
Biram dono, biram shirin,
Biram ko‘hlik.
Ko‘rgan aytar: odoblidir
Buncha, deydi.
Bolasiga: “Sen ham o‘qi
“G‘uncha”, deydi.