Eng qadrli boylik
Zilola Xo‘janiyozova
Muallif
Bir kuni o‘rmonda sayrga chiqqan jonivorlar tortishib qolishibdi.
— Dunyoda eng qadrli narsa bu asal, — dedi Ayiqcha. — U shunday shirin-ki, ayniqsa, qishki uyqudan uyg‘ongach, uni yesang, kuch-quvvatga to‘lasan.
— Yo‘q, dunyoda eng yaxshi narsa bu yong‘oqlar, — debdi Olmaxon. — Men va onam yozda yong‘oqlardan terib, uyamizni to‘ldiramiz. Qishda esa maza qilib chaqib yeymiz.
— Sizlar bilmas ekansiz, dunyoda eng qimmatli narsa bu oltin-kumushlar. Uni hamma qadrlaydi. Bizning inimizda ulkan zaxirasi bor. Biz oilamiz bilan uni qo‘riqlab yotamiz, — dedi Ilon shivirlab.
Shu payt ular charchab, suvsab qolishibdi. Atrofga qarab buloqni izlay boshlashibdi. Buloqni izlab topguncha suvsizlikdan ularning madori qurib, holsizlanib qolishibdi.
Buloq suvidan maza qilib sipqorishgach, tanlari rohatlanibdi. O‘tloqda yumalab o‘ynay boshlashibdi.
Shunda ularni kuzatib turgan Ukki bobo so‘z ochibdi:
— Dunyoda boyliklar ko‘p. Ammo eng qadrlisi bu — suv. U bor ekan, hayot bor! Suv bo‘lmasa, yam-yashil o‘rmonimiz, bog‘-rog‘larimiz cho‘l-u biyobonga aylanadi.
Mo‘l hosil ham bo‘lmaydi. Shuning uchun har birimiz suvni avaylab-asrashimiz kerak!
Ukki boboni tinglagan jonivorlar uning so‘zlarini bir ovozdan ma’qullashibdi.
Aziz bolajonlar, siz qanday fikrdasiz?
Tabiatimizning bebaho ne’mati — suvni siz qanday qadrlaysiz?