Do‘st fasllar
Munisaxon Mambetsaliyeva
Muallif
Bahorning ilk kuni. Tabiatda o‘t-o‘lanlar endi nish ota boshlagandi. Shunda qish fasli xafa holda jimgina yig‘ladi. Uning ko‘z yoshlari tarnovlardan, jo‘yaklardan oqardi. Men unga yuzlanib:
— Hademay bahor yomg‘iri boshlanadi. Nimaga hali ham bu yerdasan? — dedim.
— Qo‘rqayapman.
— Nega? — deya hayratlandim men.
— Momaqaldiroqning ovozidan. Men bu o‘lkani yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, bag‘rimda chopqillab, o‘ynab yurgan bolalarni. Ularni sog‘inib qolaman-da.
Shu payt Bahor Qishni yupatmoqchi bo‘lib so‘z boshladi:
— Do‘stim, kuyinma! Men sening do‘stlaring bo‘lgan bolalarni sendan ham yaxshi ko‘raman. Anvoyi gullarim bilan ularni siylayman. Iliq taftim bilan isitaman. Do‘stimiz Yoz esa ariq to‘la zilol suvlari bilan ularni bahramand qiladi. Og‘aynimiz Kuz esa rang-barang va totli mevalari bilan bolajonlarni quvontiradi.
Qish Bahorning gaplaridan suyunib ketdi. Do‘stlaridan minnatdor bo‘ldi. Men fasllarning ahil, do‘st ekanligidan quvondim. Shuni bildimki, har bir faslning bolalarga tuhfasi beqiyos. Bolalar barcha fasllardan zavq olishlari mumkin ekan.