Buyuklar onasi
Ma'rifat Tolipova
Muallif
1834-yil Mendeleyevlar xonadonida 17-farzand Dmitriy tug‘ildi. Kichik Mitenkaning tug‘ilishi sakkiz nafar farzandidan ayrilgan ona — Mariyani behad quvontirdi. Dmitriy aka-opalari kabi onasining g‘amxo‘rligida ulg‘aydi. Sharoit og‘ir. Yashash qiyin. Shunga qaramay, ona farzandlarini bilim olishga undadi. Bolalarida kitobga mehr uyg‘otdi. Jajji Dmitriy onasi tufayli 4 yoshida mustaqil o‘qiy boshladi. Qiziquvchan bola har kuni onasidan ilm oldi. Kitob mutolaasi bilan boshlangan tun tonglarga ulandi.
Dmitriyning tabiiy fanlarga qiziqishi ortdi. Buni yaxshi anglagan ona o‘g‘lining o‘qishi uchun barcha mulkini sotib, Tobol shahridan Sankt-Peterburgga ko‘chdi. Dmitriy o‘qishga muddatdan oldin qabul qilindi. Mariya Dmitriyevnaning so‘nggi vasiyati ham o‘g‘lining ilm egallashi edi. Kichik Dmitriy onasining vasiyatiga sodiq qoldi.
Yillar o‘tib, Mitenka — Dmitriy Ivanovich Mendeleyev sifatida tanildi. U kimyoviy davriy jadvalni yaratdi. Bu kashfiyot MENDELEYEV DAVRIY JADVALI sifatida fanga kiritildi. Olim yutuqlarida onasining o‘rni katta ekanligini ko‘p bora xotirladi. O‘zining “SUVLI ERITMALARNI SOLISHTIRMA OG‘IRLIK BILAN O‘RGANISH” deya nomlangan birinchi ilmiy ishini onasining xotirasiga bag‘ishlagan.