BUYUK MUHADDIS
Ma‘rifat Tolipova
Muallif
Buyuklar bolaligi
810-yili 21-iyul. Buxoro yaqinidagi Boykand shahrida Ismoil ibn Ibrohim xonadonida uchinchi farzand dunyoga keladi. Chaqaloqqa Muhammad deya ism qo‘yishadi. Oila boshi Ismoil halol, odil inson bo‘lgan. Muhammad zehnli, kuchli xotira egasi bo‘lib ulg‘aydi. Ismoil har kecha farzandlari bilan o‘ynar, ularni erkalatib turli shirinliklar bilan siylardi. Muhammad to‘rt yoshga kirganda otasi to‘satdan vafot etdi. Bolakay otasining uyga qaytmasligini eshitib, yig‘idan to‘xtamaydi. Ovutishlar kor qilmadi. Natijada Muhammadning ikki ko‘zi ko‘rmay qoldi. Farzandining sog‘lig‘idan qayg‘urgan ona tunlari toat-ibodatda bedor, kunduzlari ro‘zador bo‘lib, Allohga iltijo qilib yolvoradi. Chin ixlos va umid bilan farzandiga shifo so‘raydi. Iltijolari ijobat bo‘lib, farzandining ko‘zlariga nur qaytadi.
Muhammad olti yoshidan maktabga boradi. O‘tkir zehni bilan tengdoshlaridan ajralib turar, ustozlarining hayratini oshirardi. 9 yoshga yetganda Qur‘onni to‘liq yod oladi.
Buxoriy 11 yoshga yetganda hadislarni o‘rganishni boshlaydi. Bunga butun vujudi bilan kirishadi. Hadislarni takrorlab uyquga ketar, uyg‘onishi bilan kecha o‘rgangan hadislarni eslar, ularning bekam-u ko‘st yodida qolganligidan quvonardi.
Shundan so‘ng onasi bilan ilm istab Makka shahriga jo‘nab ketadi. Ilk kitobi sahobalar va tobeinlar hayoti haqida bo‘lib, uni 18 yoshida yozadi.
Buxoriy millionga yaqin hadis aytuvchilarni tinglagan. 100 mingta ishonchli hadisni yodlagan. Shundan so‘ng 7397 hadisnigina jamlab, kitob holiga keltirgan va uni "Al jome’ as-sahih" ("Ishonchli to‘plamlar") deb nomlagan.
*Muhaddis – bu hadislar (Payg‘ambar Muhammad alayhissalomning so‘zlari, amallari)ni to‘plash, ularni tekshirish, saralash bilan shug‘ullanuvchi olim.