Avtobusda
Gulzoda Soatova
Muallif
Sohib bilan Davron qadrdon do‘st. Ular maktabga avtobusda kelishadi.
Bir kuni ikki do‘st ertalab avtobusga chiqib, o‘rindiqqa o‘tirishdi. Avvaliga avtobus o‘rindiqlari ancha bo‘sh edi. Biroz yurgach, odam ko‘payib ketdi. Ular o‘tirgan o‘rindiqning oldida bir yosh bolali ayol turardi. Ammo ikki do‘st telefondagi o‘yinga berilib, turay demasdi.
— Sohib, tur, anavi ayolga joy ber, — dedi Davron.
— Ey, bir oz turib tursin, hozir tushganimizdan so‘ng o‘tiradi. Ungacha mana bu o‘yinni yakunlab olaylik, bo‘laqol, — dedi Sohib.
Shu payt bir yoshi kattaroq erkak kishi bolali ayolga joy berdi. Avtobusdagi keksa ayollar hozirgi yoshlarda tarbiya yo‘qligini aytib, koyishdi. Biroq Sohib bilan Davron hanuz joyidan turmasdi.
Nihoyat, maktabga yetayozganda ularning tepasida turgan keksa bir cholga yoshroq qiz joy berdi. Buni ko‘rib Sohib biroz xijolat bo‘ldi. Qizning yonidan o‘tib ketayotganda, uning qo‘ltiqtayoqda turganini ko‘rdi. Bu hol uning etini jimirlatdi. Ilk bora u o‘zidan xafa bo‘ldi. Hech kimning yuziga qaray olmay, allanechuk bo‘lib ketdi.
Bu orada ikkalasini anchadan buyon kuzatib kelayotgan bir ayol ularga shunday dedi:
— Sizlarga tarbiya berayotgan ota-onangizga, ustozlaringizga rahmat! Qarshingizda joy berarmikan, deb tik turgan keksalar o‘rnida o‘zingizning ota-onangiz bo‘lganida ham shunday o‘tiraverarmidingiz? Axir, bu odobdan emas!
Bu gaplar va qo‘ltiqtayoqdagi qizning shu holiga qaramasdan kattalarga joy berishi Davronga o‘zgacha ta’sir qildi.
— Sohib, buni qara, — dedi Davron.
— Eh, ikkimiz bir bo‘lib, shu qizdek bo‘la olmadik.
Ikki do‘st darsga kirib ketgunlaricha churq etishmadi.
Bolajonlar, ayting-chi, Sohib bilan Davron nimaga o‘zini aybdor his qildi?