9 yoshli ustoz
Ma'rifat Tolipova
Muallif
Bolajonlar, iqtidorli tengdoshingiz Sabriya Bahodirova Andijon viloyati Andijon tumanidagi 1-maktabning 3-sinf o‘quvchisi. Yoshi 9da. U boshlang‘ich sinf o‘quvchisi bo‘lishiga qaramay, mental arifmetikadan ustozlik qiladi. Tengdoshlari hamda aka-opalariga saboq beradi. Besh yoshida abakus bilan shug‘ullana boshlagan. Sabriya ikki yillik ta’limni a’lo natijalar bilan tamomladi. Dastlab tuman, viloyat chempionatlarida ishtirok etib, g‘oliblikka erishdi. 2022-yilda mental arifmetika bo‘yicha Respublika ochiq olimpiadasida, Toshkentda o‘tkazilgan jahon olimpiadasida oliy o‘ringa munosib topildi. Qizig‘i shundaki, Sabriya 20ga yaqin musobaqaning deyarli barchasida birinchi o‘rinni egallagan. Qizaloq keyinchalik bilganlarini dugonalariga ham o‘rgata boshladi. Shundan so‘ng jajji ustozning o‘quvchilari ortib bordi. Hozirda ularning soni 60 nafar.